Yana Uzcard va 0,25% haqida
Yana Uzcard va 0,25% haqida
Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram kanalida Uzcard'ning onlayn shakllantiriladigan omonatlardan 0,25% komissiya undirish borasidagi talabi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Xolislik nuqtai nazaridan ushbu fikrlarni ham e’lon qilishimiz to‘g‘ri bo‘ladi, menimcha. Jumladan, u shunday deydi:
«Avvalambor, kecha yozganimdek, Uzcard'ning mazkur narx oshirish harakatiga Antimonopoliya baho berishi zarur. Mamlakatda ishlab turgan to‘lov kartalarining, karta orqali tranzaksiyalarning 70-80%i Uzcard'ga tegishli va barcha belgilari bo‘yicha bu kompaniya monopol mavqega ega. Monopolistning o‘zboshimchalik bilan to‘satdan yangi tarif belgilashi iste’molchilarga ham, elektron to‘lov tizimi ishtirokchilari faoliyatiga ham ziyon va qo‘shimcha xarajat keltiradi.
Ikkinchidan, Uzcard fuqarolar lazeykadan foydalanayotganini aytayotgan ekan, keling, kartadan onlayn omonatga emas, onlayn omonat tanidan hamyonga pul o‘tkazishda komissiya o‘rnatilsin, banklar shu komissiyani Uzcard'ga to‘lab bersin. Shunda haqiqiy omonatchi bilan lazeykadan foydalanayotgan "omonatchi" farqi ko‘rinadi, qoladi.
Chunki, uchinchidan, nazarimda, kompaniyaning asl maqsadi reklama huquqida tarqatilayotgan matnlarda yozilganidek soliq to‘lattirish ham emas, hamyon lazeykasini ishlatayotganlarni jazolash ham emas. Maqsad faqat foyda, monopol imkon borida milliard-milliard qo‘shimcha foyda ishlab qolish. Nazarimda, Uzcard aprel oyida karantin davrida mamlakat bo‘yicha qancha onlayn omonat shakllanganini ko‘rib, shu qarorga kelgan. Cho‘tga solgan va qancha bebiliska foyda ishlashi mumkinligini xomcho‘tlagan. Banklar qayoqqa ham borardi, axir ularda ushbu ultimatumni qabul qilishdan o‘zga chora yo‘q. Markaziy bank esa aralasha olmaydi, chunki agar aralashsa, Humo foydasiga ish qilinayapti, voy-dod deya ayyuhannos solinadi.
To‘rtinchidan, nega talab qilinayotgan komissiya 0,25%. Ruslarda "po kochanu" degan ibora bor. Ular shuni istashdi, tamom. Hech qanday kalkulyasiya, hisob-kitobsiz, o‘lchovsiz. Uzcard'ning ishtahasi hozir shunday», - deydi Otabek Bakirov.
