Vanihoyat! Paxta xom ashyosi ishlab chiqarishga davlat buyurtmasini bekor qilish haqida qaror imzolandi
Prezidentning “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori qabul qilindi (https://review.uz/uz/post/tarixiy-hujjat-imzolandi-paxta-boyicha-majburiy-davlat-xaridlari-bekor-qilindi).
Unda, birinchidan, 2020-yil hosilidan boshlab:
davlat tomonidan paxta xom ashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;
paxta xom ashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi;
paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarga rayonlashtirilgan navlarni erkin tanlash huquqi beriladi;
sertifikatlangan urugʻlik yetkazib berish tizimi saqlab qolinadi.
Ikkinchidan, paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etilmagan hududlarda paxta tozalash korxonalari ishtirokida fermer xoʻjaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyasi tashkil etiladi.
Uchinchidan, paxta xom ashyosi yetishtirish va qayta ishlashni kreditlashning yangi mexanizmi joriy etiladi.
⚡️Toʻrtinchidan, “Oʻzpaxtasanoat” AJni tugatish choralari koʻriladi.
Beshinchidan, jahon bozori narxlari tahlilidan kelib chiqib har yili 1-dekabrga qadar kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan (indikativ) narxlar eʼlon qilinishini hamda bozorlardagi narxlar oʻzgarishidan kelib chiqib, har chorakda ushbu narxga tuzatishlar kiritish amaliyoti joriy etiladi;
Oltinchidan, paxta tolasi Respublika tovar-xomashyo birjasida boshlangʻich birja narxida erkin sotiladi, bunda birjada boshlangʻich narx shakllanishida 10 % chegirma qoʻyish bekor qilinadi.