Tibbiyot oliygohlari qabulida nima gap: grant bekor qilindimi?

Joriy yilda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tibbiyot xodimlari bilan boʼlgan uchrashuvda bundan buyon tibbiy taʼlim tizimida jiddiy oʼzgarishlar boʼlishi, xususan ushbu yildan boshlab hududlar boʼyicha maqsadli qabul boshlanishi haqida maʼlum qilgan edi.

Keyinchalik 2017 yil 5 may kuni “2017/2018 oʼquv yilida Oʼzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga qabul toʼgʼrisida”gi Prezident qaroriga asosan, Oʼzbekiston Respublikasining tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga davlat grantlari asosida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlandi.

Tibbiyot oliygohlarining hududlar boʼyicha taqsimlangan maqsadli qabul kvotalari haqida maʼlumot

2017 yil 20 iyun kuni Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni oʼqishga qabul qilish tartibi toʼgʼrisida”gi Nizomda maqsadli qabul boʼyicha tartib belgilandi.

Maqsadli qabul nima degani oʼzi? Maqsadli qabulda tibbiyot xodimlariga hududlarda boʼlgan ehtiyojlar oldindan belgilab olinadi. 5-6 yildan soʼng qaysi viloyatda qaysi tibbiyot xodimiga nechta ehtiyoj yuzaga kelishi mumkinligi toʼgʼrisida mahalliy hokimiyat organlari (hokimliklar) oʼz takliflarini beradi. Shundan soʼng, mazkur maqsadli kvotaga davlat granti asosida oʼsha hudud vakillari oʼqishga qabul qilinadi. Ularni davlat 5-6 yil bepul oʼqitadi, buning evaziga talabalar oʼqishni tugatgach, oʼz hududida davlat uchun majburiy ishlab beradi. Bundan koʼzlangan maqsad hududlardagi kadrlar qoʼnimsizligining oldini olish, chekka tumanlardagi tibbiyot birlashmalarini ham oliy maʼlumotli malakali shifokorlar bilan toʼldirishdir.

Bugungi kunda tibbiyot oliygohlari birinchi bor yangi tartibda abiturientlardan hujjat qabul qilishmoqda. Qabul komissiyasi hujjat topshirish chogʼida abiturientlardan arizasida maqsadli qabul boʼyicha topshirmoqchimi yoki kontrakt asosidami, shunga aniqlik kiritishni soʼrashmoqda.

Davlat test markazi saytida maqsadli qabul joylariga topshirilgan hujjatlar alohida, hududlar kesimida koʼrsatib borilmoqda.

DTM saytidan skrinshot

Oʼz-oʼzidan birinchi marta boʼlayotgan tartib boʼyicha aholida koʼplab savollar, tushunmovchiliklar paydo boʼlyapti. Ushbu maqolada eng koʼp berilayotgan savollarga imkoni boricha javob berishga harakat qilaman.

Maqsadli qabulga hudud boʼyicha doimiy propiska asosida qabul qilinadimi?

Nizomning 10-bandiga asosan, maqsadli qabulda qatnashmoqchi boʼlgan abiturientlar tegishli hududda yashayotgan boʼlishi lozim. Аgar doimiy propiskasi oʼsha hududda boʼlsayu, lekin maqsadli qabulga tushmaydigan hududda yashayotgan boʼlsa, unda oʼsha abiturient maqsadli qabulda qatnasha olmaydi.

Maqsadli qabulga oʼsha hududdagi litsey yoki kollejni tugatgan boʼlishi shartmi?

Eng koʼp berilayotgan savol aynan mana shu boʼlmoqda. Sababi koʼplab viloyatlik yoshlar oʼrta maxsus taʼlimni Toshkent shahrida olishgan. Аyniqsa tibbiyot yoʼnalishida. Аmmo Toshkent shahri uchun maqsadli qabul ajratilmagan. Yaʼni Toshkent shahridagi tibbiyot kollejlari va akademik litseylarni tugatgan abiturientlar, garchi asli doimiy yashash manzili viloyatlarda boʼlsa ham, davlat granti asosida qabul qilinmaydi, ular uchun faqat toʼlov-kontrakt asosida oʼqish imkoni mavjud.

Nizomning 10-bandiga muvofiq tegishli hududlarga ajratilgan maqsadli qabul kvotalariga faqat tegishli hududda yashayotgan va hududning oʼrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari tomonidan berilgan diplomga ega boʼlgan abiturientlar hujjat topshira oladi.

Demak, xulosa shundayki, surxondaryolik oʼsmir Toshkent shahri yoki boshqa hududda oʼqigan boʼlsa, Surxondaryo viloyati uchun ajratilgan joyga hujjat topshira olmaydi.

Аgar maqsadli qabulga topshirgan abiturientning toʼplagan balli davlat grantiga yetmasayu, lekin kontraktga kirish uchun yetsa, unda kontrakt asosida qabul qilinadimi?

Ha, qabul qilinadi. Nizomning 3-bandiga asosan, maqsadli qabul tanlovida qatnashib davlat granti asosida qabul qilinmagan abiturientlar mazkur taʼlim yoʼnalishida toʼplagan test ballari bilan umumiy toʼlov-kontrakt doirasidagi tanlovda ishtirok etadi.