TDYuU magistraturasida masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim dasturlari ochiladi
TDYuU magistraturasida masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim dasturlari ochiladi
Yuridik ta’limni takomillashtirishga oid Prezident farmoni haqida avval xabar bergan edik. Farmonga binoan, 2020/2021 yildan boshlab:
- bazoviy yuridik ta’limga ega va ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qimoqchi bo‘lgan shaxslar uchun TDYuU magistraturasida masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim dasturlari ochiladi va kirish imtihonlari DTM tomonidan test shaklida o‘tkaziladi;
- oliy yuridik ta’limga ega, rahbar lavozimlarida ishlayotgan hamda markaziy davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida kamida 5 yil yuridik stajga ega bo‘lgan xodimlar tegishli davlat organining birinchi rahbari tavsiyasiga binoan to‘lov-kontrakt asosida TDYuU magistraturasining masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim dasturlariga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda kirish test sinovlarisiz (qabul kvotalaridan tashqari) qabul qilinadi;
- «yurisprudensiya» yo‘nalishini a’lo baholarga bitirgan talabalar (qaysi OTM bo‘lishidan qat’i nazar) TDYuU magistraturasiga belgilangan to‘lov-kontrakt summasining 50%i miqdori evaziga qabul kvotalaridan tashqari kirish test sinovlarisiz qabul qilinadi. Faqat ushbu talabalar kelgusida TDYuU, yuridik fakultetlar, yuridik texnikumlar hamda TDYuU qoshidagi akademik lisyeyda kamida 3 yil uzluksiz ishlab berish majburiyatini oladi;
- yuridik texnikumlar hamda TDYuU qoshidagi akademik lisyeyda to‘lov asosida tayyorlov va boshqa kurslar, yozgi va qishki maktablar tashkil etiladi, shu jumladan xorij fuqarolari uchun ham.
Shuningdek, TDYuU rektoriga byudjetdan tashqari mablag‘lar evaziga quyidagi huquqlar beriladi:
- TDYuU xodimlari hamda magistratura va bakalavriatning iqtidorli bitiruvchilari uchun xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarning magistratura yoki doktoranturasida o‘qish xarajatlari, to‘lov-kontrakti summasini to‘lab berish. Faqat ular kelgusida TDYuUda kamida 3 yil uzluksiz ishlab berish majburiyatini oladi;
- TDYuU hamda uning qoshidagi akademik lisyeyda tahsil olayotgan iqtidorli talabalar va o‘quvchilar uchun stipendiya hamda grantlar ajratish.
