Shaxmatni yanada rivojlantirishga oid qaror imzolandi

Shaxmatni yanada rivojlantirishga oid qaror imzolandi

Prezidentning tegishli qaroriga (PQ-4954, 14.01.2021y) asosan, O‘zbekistonda shaxmatni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.Unga ko‘ra, 2025-yilga qadar shaxmat bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini 3 foizga yetkazish, davlat-xususiy sheriklik asosida 25 ta shaxmat maktablari va klublari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bolalar-o‘smirlar sport maktablarida shaxmat bilan shug‘ullanayotgan bolalar qamrovini 10 500 ga yetkazish, mamlakatimizning Xalqaro shaxmat federasiyasidagi (FIDE) reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash va 2025-yilda birinchi 10 talikka kirishiga erishish kabi vazifalar qo‘yilgan.

Shuningdek, 2021-yildan boshlab har yili:

👉 umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Shaxmat oyligi” tashkil etiladi;

👉 maktab o‘quvchilari o‘rtasida shaxmat bo‘yicha jamoaviy “Shohruh” turniri tashkil etiladi;

👉 maktab o‘quvchilari va “Jismoniy tarbiya” fani o‘qituvchilari o‘rtasida shaxmat bo‘yicha respublika birinchiligi o‘tkaziladi;

👉 iyun–avgust oylari davomida mahalla bolalari o‘rtasida “Mahalla kubogi” shaxmat musobaqalari tashkil etiladi;

👉 may–iyul oylari davomida mahalla oilalari o‘rtasida “Shaxmatchi oila” turniri o‘tkaziladi;

👉 ikki marotaba vazirlik, idora va tashkilotlarda xodimlar o‘rtasida “Shaxmat kunlari” o‘tkaziladi.

2021-yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda quyidagi turnirlar o‘tkaziladi:

➖Toshkent shahrida Prezident sovrini uchun xalqaro shaxmat turniri;

➖ O‘zbekistonlik birinchi xalqaro grossmeyster G.T. Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir;

➖ shaxmat bo‘yicha XVII Jahon chempioni R.M. Qosimjonov xalqaro turniri;

➖ Samarqand shahrida “Sohibqiron kubogi” xalqaro shaxmat turniri;

➖ Xiva shahrida “Al-Beruniy” xalqaro shaxmat turniri;

➖ Buxoro, Termiz va Xiva shaharlarida “Turizm va shaxmat haftaligi”.

Qarorga ko‘ra, shaxmat maktablari va klublari faoliyatiga ko‘mak berish maqsadida O‘zbekiston shaxmat klublari assosiasiyasi tashkil etiladi.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filialida shaxmat bo‘yicha ta’lim yo‘nalishi ochiladi.

Shuningdek, Shaxmatni ommaviylashtirish va rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Qarorning to‘liq matni O‘zAda e’lon qilindi.