Prezidentga necha kun mehnat ta’tili beriladi
Prezidentga necha kun mehnat ta’tili beriladi?
Prezidentning mehnat ta’tiliga chiqqanligi haqidagi xabar ko‘pchilikka qiziq albatta. Shu sababli xuddi shu mavzuda 2019-yili yozgan postimni kichik tahrirlari bilan yana bir marta eslatmoqchiman.
Prezident necha kun mehnat ta’tiliga chiqishi mumkin? U mehnat ta’tiliga chiqqanda uning vazifalarini kim bajarib turadi? Keling, shu va shu kabi boshqa masalalar haqida gaplashsak.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasiga binoan, Prezidentga muddati 36 ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan ta’til beriladi.
Prezident mehnat ta’tiliga chiqqanda uning vazifalari kimningdir zimmasiga yuklanishi haqida qonunchilikda birorta qoidaga ko‘zim tushmagan. Menimcha, bunday qoida yo‘q va bu to‘g‘ri. Chunki Prezident xalq tomonidan saylangan oliy vakolatlarga ega shaxs hisoblanadi, uning vazifalarini vaqtincha xalq saylamagan shaxsga berilishi joiz emas.
Faqat Konstitutsiyamizning 96-moddasida birgina qoida bor, amaldagi Prezident o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Oliy Majlis Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi. Bunda asosiy shart – 3 oy ichida navbatdan tashqari saylov o‘tkazilishi kerak. «O‘z vazifalarini bajara olmaydigan holat»ga aynan nimalar kirishiga izoh berilmagan, lekin mehnat ta’tili bunga kirmasligi aniq.
Olgan ma’lumotlarimizga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 14 yil Bosh vazir, qariyb 3 yil Prezident lavozimidagi faoliyati davomida ilk bor 2019-yilda mehnat ta’tiliga chiqqan edi. Bu ikkinchisi.
Davlat rahbarining mehnat ta’tiliga chiqqanligi to‘g‘risidagi 2 qatorli kichkina xabar to‘rt jihatdan muhim ahamiyatga ega:
Birinchidan, bu Prezidentga oid ma’lumotlar auditoriyasining kengayishidir va bu yaxshi. Bizda yillar davomida Prezidentga oid xabarlar jamoatchilikdan sir tutilgan, juda kam ma’lumot OAVga sizdirilgan.
Ikkinchidan, 2020-yilda pandemiya sabab Hukumat juda tig‘iz grafikda ishladi. Davlat xizmatchilari yoki onlayn, yoki offlayn bo‘lsada, yana normalanmagan ish rejimiga eski davrga qaytib qoldi. Boz ustiga o‘tgan yili pandemiyadan tashqari ham bir nechta boshqa yirik fojialarni ko‘rdik. Bugungi xabar o‘z-o‘zidan ushbu favqulodda ish rejimi ancha moʻtadillashgani va ish tartibida biroz xotirjam bo‘lish mumkinligiga ishoradir.
Uchinchidan, bizda yillar davomida mehnat ta’tiliga chiqmasdan ishlash o‘ziga xos «an’ana» tusiga kirgan. Ayniqsa rahbarlar orasida. Ularning mehnat ta’tiliga chiqishi, xuddiki ishdan qochish yoki dangasalik sifatida qaralishidan xavotir olishadi. Ammo albatta bu mehnat qonunchiligi bo‘yicha ma’qullanmaydigan «an’ana».
Prezidentning mehnat ta’tiliga chiqqanligi haqidagi xabar shunisi bilan ijobiyki, bu quyi bo‘g‘in rahbarlariga yana bir o‘ziga xos signal vazifasini o‘taydi. Demak, qolgan rahbarlar ham mehnat ta’tiliga chiqishi mumkin, bu uyatli ish emas, yoxud o‘sha rahbarsiz butun tizim taqa-taq to‘xtab, ishlar orqaga ketib qolmaydi.
Barcha xodim, u qaysi lavozimda ishlashidan qat’i nazar, qonunchilikda belgilangan mehnat ta’tilini olishi kerak.
To‘rtinchidan, Prezidentning mehnat ta’tiliga chiqqanligi to‘g‘risidagi xabar ayrim boshqa davlatlarning rahbarlari bilan bo‘lgan hodisaga o‘xshash holatlarning oldini olish uchun yaxshi. Ya’ni ma’lum muddat matbuotda chiqish qilmaslik ortidan davlat rahbarining sog‘lig‘i bilan bog‘liq turli mish-mishlar paydo bo‘lishi mumkin edi. Ayniqsa pandemiya davrida bu juda aktual.
Har ne bo‘lganda ham, Shavkat Mirziyoyevga maroqli dam tilaymiz. Mehnat ta’tili samarali o‘tishiga tilakdoshmiz!
