Prezident akademiyasi huzuridagi Oliy biznes maktabi Vazirlar Mahkamasi huzuriga o‘tkazildi
Qarorga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy biznes maktabiga qayta o‘zgartirildi.
Shuningdek, qarorda Oliy biznes maktabi biznesni boshqarish va korporativ boshqaruv sohasida xo‘jalik boshqaruvi organlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha mustaqil oliy ta’lim muassasasi ekanligi qayd etildi.
Oliy biznes maktabi «biznesni boshqarish» («Master of Business Administration-MBA») mutaxassisligi bo‘yicha ikki yillik magistratura ta’lim dasturi bo‘yicha o‘qitishning kunduzgi shakli bo‘yicha o‘qish yakuni bo‘yicha magistr darajasini bergan holda boshqaruv kadrlarni tayyorlaydi.
Oliy biznes maktabi magistraturasiga ochiq tanlov asosida oliy ma’lumotga va oliy ta’lim muassasasini bitirgandan keyin kamida uch yillik ish stajiga ega va 40 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan test sinovlari o‘tkazish yo‘li bilan xo‘jalik boshqaruvi organlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalarining rahbar xodimlari va mutaxassislari qabul qilinadi.
Oliy biznes maktabida xo‘jalik boshqaruvi organlari, korxonalar, tashkilotlar, jumladan kichik biznes sub’ektlarining magistr darajasiga ega bo‘lgan yoki diplomli mutaxassis hisoblangan rahbar xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish «rahbar xodimlar uchun biznesni boshqarish» («Executive MBA») ixtisosligi bo‘yicha maxsus ta’lim dasturi bo‘yicha amalga oshiriladi.
O‘qish davrida Oliy biznes maktabi tinglovchilarining egallab turgan ish o‘rinlari saqlab qolinadi hamda ular belgilangan tartibda oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun amaldagi bazaviy stipendiya miqdorini 1,2 martaga oshirgan holda stipendiya to‘lovlari bilan ta’minlanadilar.
Oliy biznes maktabini Vazirlar Mahkamasi qarori bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor boshqaradi.
Oliy biznes maktabiga «biznesni boshqarish» («Master of Business Administration — MBA») mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlash yillik qabul kvotasi soni 75 kishi etib belgilandi.
Eslatib o‘taman, Oliy biznes maktabi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 18 maydagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshida tashkil qilingan edi.
