Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi raisining 6 nafar oʼrinbosarlari saylandi

Bugun, 5 iyul kuni, Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining birinchi yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Yigʼilishga Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Аbdulla Аripov boshchilik qildi.

Yigʼilish kun tartibida bir qancha masalalar koʼrib chiqildi, xususan Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining oʼrinbosarlari saylandi.

Ittifoqning tashkiliy tuzilmasiga koʼra, Markaziy Kengash raisining 6 nafar oʼrinbosari lavozimi joriy etildi.

Markaziy Kengash raisining tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlarni ijtimoiy himoyalash va bandlikka koʼmaklashish masalalari boʼyicha birinchi oʼrinbosari sifatida bungacha “Kamolot” YoIHning raisi sifatida faoliyat olib borgan Tadjiev Odiljon Fotixjonovich saylandi.

Xalqaro aloqalar, jamoatchilik bilan ishlash, АKTlarni joriy qilish va turizmni rivojlantirish boʼyicha oʼrinbosar sifatida bungacha Yoshlar tashabbuslari markazi raisi sifatida faoliyat olib borgan Beknazarov Kamoliddin Tursunpoʼlatovich saylandi.

Maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy-siyosiy masalalar boʼyicha oʼrinbosar sifatida bungacha Xotin-qizlar qoʼmitasi yetakchi mutaxassisi sifatida faoliyat olib borgan Kattaxanova Dilnoza Sobir qizi saylandi.

Tashkiliy-kadrlar masalalari boʼyicha oʼrinbosar sifatida esa Shukurov Oʼtkirbek Ilxamovich saylandi. Oʼtkirbek Shukurov avval ham “Kamolot” YoIHning tashkiliy-kadrlar masalalari boʼyicha rais oʼrinbosari sifatida faoliyat olib borgan edi.

Taʼlim muassasalari bilan ishlash boʼyicha oʼrinbosar, “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi sifatida Zufarov Murodjon Mirjalolovich saylandi. U bugungi kungacha “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat olib borayotgan edi.

Moliya-iqtisod masalalari boʼyicha oʼrinbosar sifatida bugungacha Hisob palatasida faoliyat olib borgan Maqsudov Suhrobjon saylandi.