Mustaqil dars: birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlar kimlar?

Mustaqil dars: birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlar kimlar?

Ko‘pchilik propiska mavzusida gap ketsa, qonunda tilga olingan birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlar kimlar, deb savol beradi. Hozir ushbu savolga javob bermoqchiman.

Aslida bu savolga javob berishim juda oson. Shunchaki, falonchi-falonchilar desam, bo‘ldi. Ammo keling, yaxshisi ushbu savolga mustaqil ravishda qanday qilib javob topish mumkinligini ham tushuntirib ketaman. Umid qilamanki, hozir aytganlarim kelgusida boshqa shu kabi savollar paydo bo‘lsa, imkon qadar o‘zingiz javob topishingizga yordam beradi.

Google degan qidiruv tizimi haqida yaxshi bilsangiz kerak. Xullas, qaysidir savolga javob qidirmoqchi bo‘lsangiz, avval shu saytdan so‘rab ko‘ring. Uning bilmagan narsasi kam.

Demak, biz hozir birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarga kimlar kirishini bilmayapmiz. Buni aniqlash uchun quyidagi ishlarni qilamiz:

1️⃣-qadam: Google.com saytida «birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlar» deb qidiruvga (poisk, search) beramiz. Shunda quyidagi natijalar chiqadi (1-rasmga qarang).

2️⃣-qadam: chiqqan javoblarni birin-ketin o‘qib ko‘ramiz. Eng to‘g‘ri keladigan sahifalar odatda eng tepada chiqadi. Birinchidagi saytni ochib ko‘ramiz (2-rasmga qarang). Bu sahifada aynan savol-javob ko‘rinishida ma’lumot berilgan ekan. Va javobning birinchi xatboshisidayoq kimlar to‘g‘ri shajara bo‘yicha, kimlar yon shajara bo‘yicha, kimlar birinchi, kimlar ikkinchi darajali qarindoshlar ekanligiga aniq javobni o‘qishingiz mumkin. Agar sinchiklab, diqqat bilan o‘qisangiz, barchasi qonunchilik bo‘yicha to‘liq tushuntirilgan.

3️⃣-qadam: yanada ishonchli bo‘lishi uchun chiqqan javoblar orasidan 2-o‘rinda turgan Xorazm viloyat adliya boshqarmasining saytidagi ma’lumotga ham kirib ko‘ramiz. U yerda ham biz qidirayotgan savolga javob berilgan (3-rasmga qarang).

4️⃣-qadam: yana ham qo‘shimcha ma’lumot kerak bo‘lsa, unda qonunning o‘zidan o‘qib ko‘ramiz. Yuqoridagi ma’lumotlarda Oila kodeksining 57 va 58-moddalarida qarindoshlik haqida qoidalar borligini bilib oldik. Endi Oila kodeksini ochib ko‘ramiz. Buning uchun yana bizga Google yordam beradi va biz «Oila kodeksi» deya qidiruvga beramiz (4-rasmga qarang).

5️⃣-qadam: birinchi chiqqan taklifni, ya’ni Lex.uz portalidagi havolani bosib, Oila kodeksini ochamiz va qarindoshlik haqida yanada ko‘proq ma’lumotlarni rasmiy manbadan o‘qib olamiz (5-rasmga qarang).

Xullas, ko‘rib turganingizdek «birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarga kimlar kiradi?» degan savolga hech kimning yordamisiz, mustaqil ravishda uzog‘i 5 daqiqa ichida javob topa oldik. Buning uchun ozgina hafsala qilsak va biroz internetda ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lsak kifoya.

Savolning javobiga kelsak, qarindoshlar to‘g‘ri va yon shajaraga bo‘linadi. To‘g‘ri shajaraning o‘zida darajalar bor.

To‘g‘ri shajara bo‘yicha birinchi darajali qarindoshlar – ota-ona va farzandlar;

To‘g‘ri shajara bo‘yicha ikkinchi darajali qarindoshlar – bobo-buvi va nabiralar.

Doimiy ro‘yxat (propiska) masalasida gap ketsa, mana shu qarindoshlar tushuniladi.

Toshkentda propiskasi bor fuqarolar aka-uka yoki opa-singillarini propiskaga olib kira olmaydilar, chunki ular to‘g‘ri shajaraga kirmaydi (bu haqda Google chiqarib bergan ma’lumotlarda ham yozilgan).

Maslahatim: Google yoki shu kabi qidiruv tizimlaridan foydalanib turing, shunga ko‘niking. Ma’lumotlarni mustaqil izlash, topish, tahlil qilish, solishtirishga o‘rganing. Bu mushkulingizni ancha osonlashtiradi. Salomat bo‘ling.