Matematika fanidan olimpiada g‘oliblariga 3 ta mashina beriladi!
Matematika fanidan olimpiada g‘oliblariga 3 ta mashina beriladi!
So‘nggi vaqtlarda ilmga e’tibor qaratilayotgani va bilimli yoshlar munosib rag‘batlantirilayotgani quvonarli holdir, albatta.
Ana shunday yaxshi xabarlardan biri Qo‘qon universiteti tomonidan matematika fanidan maktab va akademik lisey o‘quvchilari o‘rtasida «Qo‘qon olimpiadasi» o‘tkazilishi haqidagisi bo‘ldi.
Olimpiada respublikaning barcha hududlaridan bo‘lgan umumta’lim, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, nodavlat ta’lim muassasalarining 5—11-sinflari, akademik liseylarning 1, 2-bosqich o‘quvchilari o‘rtasida uch guruhga bo‘lib o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
✅ Birinchi guruh - 5, 6 va 7-sinflar o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi va birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘olibga mukofot tariqasida «Nexia-3» avtomobili beriladi.
✅ Ikkinchi guruh – 8 va 9-sinflar o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi va bu guruh musobaqasi g‘olibi ham «Nexia-3» avtomobilini qo‘lga kiritadi.
✅ Uchinchi guruh esa maktablarning 10 va 11-sinf hamda akademik liseylarning barcha o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi. Bu guruhda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchi «Cobalt» avtomobili bilan taqdirlanadi.
Faqat sportchi chempionlar emas, bilimli yoshlar ham o‘z aql-zakovati bilan qimmatbaho avtomashina sohibi bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Zero, mamlakat kelajagi shu bilimli yoshlarning qo‘lida.
Tashkilotchilarning xabar qilishicha, tez orada olimpiadada qatnashish tartibi va boshqa shartlari haqida to‘liq ma’lumot beriladi. Buning uchun olimpiada.kokanduni.uz saytini kuzatib borishingiz kerak bo‘ladi.
