La’nati propaganda: 2-qism
La’nati propaganda: 2-qism
Yodingizda bo‘lsa, ruslarning la’nati propaganda mashinasi O‘zbekistondagi davlat organlarida ish yuritish jarayonida davlat tili mavqeyini mustahkamlashga oid qonun loyihasi bo‘yicha dod-voy ko‘tarishib, O‘zbekiston hukumati rus tiliga qarshi kurashyapti, deya provokasiya qilishgani haqida avvalroq yozgandim.
Bu propaganda shunchalik la’natiki, mana endi Rossiya Tashqi ishlar vazirligining vakili Mariya Zaxarova ham rasmiy minbardan turib, bizning qonun loyihalarimizga o‘zicha munosabat bildirib, rus tilini ko‘pchilik o‘zbeklar xohlayotgani, bu qonun loyihasi tarafdorlari kamchiligini aytibdi.
Bunaqa propagandachilarga qarata «Ey, menga qara, sen kimsan o‘zi bizning ichki ishlarimizga burningni tiqasan, qonun loyihalarimizga aralashasan, bor toshingni ter» deging keladi.
Bular qanaqa uyatsizki, rasmiy minbarlardan turib yolg‘on gapirishdan ham tap tortmaydi. Qayoqdan bila qolding, bu qonun loyihasi tarafdorlari yaqqol kamchilikni tashkil etishini? Qo‘lingda qanaqa ma’lumotlar, dalillar bor? Hech qanday! Na qo‘lingda daliling bor, na bizning qonun loyihalarimizni muhokama qilishga haqqing bor.
Bu borada Muhrimning yozgan fikrlariga qo‘shilaman. Jumladan u shunday demoqda:
«Biz «millatchilik bo‘lib qoladi», «hurmatsizlik bo‘ladi», deb ming ikkilanib, hijolat bo‘lib fikr bildiramiz, andishaning oti qo‘rqoqqa chiqadi. Ular bo‘lsa yuqori minbarlardan turib «rus tilining rasmiy so‘zlashuvda qolishi o‘zbekistonliklar manfaatlariga mos» deydi, ochiq-oydin. Mana shunaqa qilganidan keyin Latviya, Litva, Ukraina tajribasi o‘rinli ko‘rinadi.
O‘zbekiston va Rossiya munosabatlarining zamonaviy sifati umuman til masalasi bilan o‘lchanmasligi lozim. Rossiya avvalo o‘z muammolarini bilsin, O‘zbekistondagi til muhokamalariga umuman burnini suqmasin. Shu o‘rinda bizning ham Mariya Zaxarovaga teng minbarimiz javob qaytarsa maqsadga muvofiq bo‘lardiku-ya...
Yo‘q, Mariya Zaxarovasiga ham, Putin Rossiyasiga ham boshqacha javob qaytarish kerak — deputatlarimiz ham, senatorlarimiz ham davlat tilining ustuvorligini mustahkamlaydigan o‘sha qonun loyihasini xuddi YeOIIga qo‘shilish tashabbusini olqishlaganlaridek qabul qilsin, ma’qullasin, so‘ng bu qonun nusxasini ularga yuboraylik. Eng yaxshi javob shu», - deyapti Muhrim.