Аbiturientlarga: qabul komissiyasiga oʼrta maxsus diplomning notarial tasdiqlangan nusxasini topshirish shart emas
Bugun notarius sifatida faoliyat yuritadigan tanishim qabul jarayonlari boshlangandan buyon abiturientlar kollej yoki litsey diplomini notarial tasdiqlash yuzasidan juda koʼp murojaat qilayotganini, har kuni yuzdan ortiq yaqin mana shunday notarial harakatni amalga oshirayotganini aytib qoldi.
“Аlbatta, biz notarial harakatni amalga oshirishni soʼrab murojaat qilgan fuqaroga asossiz rad javobi berishga haqqimiz yoʼq, shuning uchun ularga diplom nusxasini tasdiqlab beryapmiz, ammo aslida abiturientlar qabul komissiyalariga bunday hujjatni topshirishi shart emasku”, – degan fikrni aytgan suhbatdoshim mendan shu masalaga aniqlik kiritib berishimni soʼradi.
Xoʼsh, abiturientlar haqiqatdan hujjat topshirish vaqtida oʼrta maxsus diplomining nusxasini notarial tasdiqlashi shartmi?
Javob: YOʼQ, ShАRT EMАS!
2017 yil 20 iyundagi Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni oʼqishga qabul qilish tartibi toʼgʼrisida”gi Nizomning 12-bandiga koʼra, abiturient oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ariza;
umumiy oʼrta taʼlim (11-sinf negizida) yoki oʼrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
086-U-shakl boʼyicha tibbiy maʼlumotnoma;
pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tugʼilganligi toʼgʼrisidagi guvohnoma)ning nusxasi;
3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
maxsus sirtqi boʼlim abiturientlari uchun mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan koʼchirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma.
Shuningdek, ayrim abiturientlar uchun quyidagi hujjatlar ham zarur:
Toʼliq davlat taʼminotidagi yetim bolalar va I guruh koʼzi ojiz nogironlar ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
Tanlovdan tashqari oʼqishga kirish huquqiga ega boʼlgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar gʼoliblari asl nusxadagi tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʼtab boʼlgan fuqarolar harbiy qism qoʼmondonligining tegishli tavsiyanomasining aslini yuqorida koʼrsatilgan hujjatlar bilan birgalikda taqdim etadilar.
Koʼrsatib oʼtilgan hujjatlar mavjud boʼlganda oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi abiturientning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.
Koʼrib turganingizdek, hujjatlar roʼyxatida diplomning notarial tasdiqlangan nusxasi mavjud emas. Shu sababli, bunday qoʼshimcha hujjatni tayyorlashingizga zaruriyat yoʼq.
Аgar bunday hujjat zarur boʼlmasa, unda nima uchun har kuni yuzlab, balki minglab abiturientlar notariusda navbatda turishibdi? Yoki qabul komissiyasidagilar soʼrayotganmikin?
Shu savollarga yechim topish maqsadida Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat test markazi va bir nechta qabul komissiyasidagilar bilan bogʼlandim. Ularning barchasidan bir xil javob oldim. Yaʼni abiturient diplomning notarial tasdiqlangan nusxasini topshirishi shart emas. Va qabul komissiyalari bunday ortiqcha hujjatni talab qilishmayapti. Bularning barchasi mish-mish.
Qabul komissiyasidagilar haqiqatdan aksariyat abiturientlar diplomlarining notarial tasdiqlangan nusxasini ham olib kelayotganligini, “bunday hujjat talab etilmaydi, nega olib keldingiz” degan savolga esa, “agar notarial tasdiqlangan nusxasi boʼlmasa qabul komissiyasidagilar qaytarayotgan emish” degan gapni eshitib qolgani uchun tayyorlab kelishganini aytib berishdi.
Notarius tanishim bilan qayta bogʼlanib vaziyatni tushuntirdim. “Kelganlardan soʼrab koʼringchi, aynan qaysi oliygohlar rad qilayotgan ekan”, – deb soʼradim.
Maʼlum boʼlishicha, oʼz diplomini notarial tasdiqlatish uchun navbatda turgan abiturientlarning deyarli hech qaysi biridan qabul komissiyasi bunday hujjat soʼramagan. Shunchaki, kimlardandir eshitib qolgani uchun kelishibdi. Faqat 2 nafar abiturient “tanishimni Pedagogika universiteti va Pediatriya tibbiyot institutida notarial tasdiqlangan nusxasi yoʼqligi uchun qaytarishibdi” degan gapni aytgan xolos.
Biroq bu mish-mish ham oʼz tasdigʼini topmadi. Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti vakillari bilan bogʼlanganimda, qabul komissiyasi abiturientlardan bunday hujjat talab qilishmayotganligini maʼlum qildi.
Hurmatli abiturientlar,
hozir Siz uchun juda hayajonli daqiqalar ekanligini tushunamiz. Mana shunday har daqiqa gʼanimat boʼlgan paytda kimlarningdir mish-mishiga koʼr-koʼrona ishonib, tekshirmasdan oʼzingizni ortiqcha ovora qilmang. Notarius idoralaridan Sizga umuman keraksiz boʼlgan hujjatni olish uchun ketkazgan vaqtingizni bilimlaringizni yanada mustahkamlash, takrorlashga sarflaganingiz maʼqul emasmi?
Аgar mabodo Sizdan qaysidir oliygohning qabul komissiyasi noqonuniy ravishda diplomingizning notarial tasdiqlangan nusxasini talab qilsa, unda quyidagi telefonlarga murojaat qilib, bu haqida shikoyat qilishingiz mumkin:
Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi: 1006 yoki +998 (71) 246-01-95, 246-37-12
Davlat test markazi: +998 (71) 235-19-14
