16 yoshga to‘lgan, lekin hali pasport olmagan abituriyentlar hujjat topshira olmaydi
16 yoshga to‘lgan, lekin hali pasport olmagan abituriyentlar hujjat topshira olmaydi. Ular tezroq pasport olishi kerak!
Mazkur yilda OTMlarga hujjatlarni qabul qilish onlayn shaklda Davlat test markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Ushbu onlayn qabul tizimi abituriyentlarning fuqarolik pasportidagi jismoniy shaxslarning identifikasiya raqami (PiNFL) bilan bog‘lanadi. Shu bois, OTMlarga hujjat topshirishda 16 yoshga to‘lgan bitiruvchilar pasport olishlari muhim hisoblanadi.
Yurtimizda karantin cheklovlari joriy etilgani sababli pasport yoshiga (16 yosh) yetgan 41 000 dan ortiq bitiruvchilar fuqarolik pasportini o‘z vaqtida olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan.
Xalq ta’limi vazirligi ushbu bitiruvchilar va ularning ota-onalariga murojaat bilan chiqib, tezroq pasport olish masalasida Ichki ishlar organlarining migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmalariga murojaat etishlarini so‘ramoqda.
Eslatib o‘tamiz, onlayn qabul jarayonlari joriy yilning 20 iyun kunidan boshlab 20 iyul kuniga qadar davom etadi.
