Ish haqi saqlanmagan holda beriladigan taʼtilning muddatiga cheklov qoʼyildi
2013 yil 7 oktyabr kuni Prezident Islom Karimov “Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʼz kuchini yoʼqotgan deb topish toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunini imzolangani haqida xabar bergan edik.
Xususan, mazkur Qonunga koʼra, Oʼzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga bir qator oʼzgartishlar kiritildi.
Jumladan, Mehnat Kodeksining 150-moddasi (Ish haqi saqlanmagan holda beriladigan taʼtillar) birinchi qismi quyidagi koʼrinishda tahrir qilindi:
Xodimning arizasiga koʼra unga ish haqi saqlanmagan holda taʼtil berilishi mumkin, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi oʼrtasidagi kelishuvga koʼra belgilanadi, lekin u oʼn ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq boʼlmasligi kerak.
Mazkur moddaning eski tahririga nazar tashlaydigan boʼlsak, ilgari ish haqi saqlanmagan holda beriladigan taʼtil muddatida cheklov belgilanmagan edi. Shunchaki, uning muddati xodim bilan ish beruvchi oʼrtasidagi kelishuvga binoan belgilanishi nazarda tutilgandi. Endi esa, guvohi boʼlganingizdek, mazkur taʼtil oʼn ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq boʼlmasligi belgilandi.
Mehnat Kodeksi 150-moddasi 1-qismi eski tahriri:
150-modda. Ish haqi saqlanmagan holda beriladigan taʼtillar
Xodimning arizasiga binoan unga ish haqi saqlanmagan holda taʼtil berilishi mumkin, uning muddati xodim bilan ish beruvchi oʼrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi.